ANDIJON SHAHAR PROKURORINING SHAHRIMIZ AHOLISIGA PROFILAKTIK MUROJAATI
09.04.2026 125
Hurmatli Andijonliklar va shahrimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning joriy yilgi qarorlariga asosan shahrimizdagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tadbirlar keng qamrovda olib borilmoqda.
Tadbirlar davomida, aholi oʻrtasida profilaktik tadbirlar oʻtkazish bilan birgalikda, ichki ishlar organlari hamda hamkor idoralar tomonidan probatsiya va profilaktik hisobda turuvchi, shuningdek muqaddam jinoyat sodir etgan va jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar, alohida toifadagi yoshlar hamda ayollar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.
Soʻnggi vaqtlarda shahar hududida tigʻli predmet bilan badanga shikast yetkazish holatlari uchrab turganligi bois, shahar hududida keng qamrovli “Xavfsiz shahar” maxsus profilaktik tadbiri oʻtkazilmoqda.
Tadbirlar davomida jamoat joylarida olib yurilgan tigʻli predmetlar olib qoʻyilib, huquqbuzarlarga chora koʻrildi.
Shu bilan birga, bu boradagi tadbirlarni oʻtkazishda maktab va oʻquv muassasalarida oʻquvchi yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan, shahrimiz aholisi va mehmonlaridan sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan ashyolarni jamoat joylarida olib yurmasliklarini soʻrab, bunday huquqbuzarlik amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishga sabab boʻlishini eslatib oʻtaman.
Shuningdek, tahlillardan kelib chiqib, shahar hududida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq huquqbuzarliklarga chek qoʻyib kelinmoqda.
Hozirgi kunda jamiyatimiz hayotida uchrab turgan maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshirish dolzarb va koʻpchilik aholiga daxldor masala.
Bundan tashqari, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida har bir mahallada oʻtkazilayotgan tanqidiy muhokamalardan toʻgʻri xulosa chiqarib, masʼullarning eʼtiborini mahallada kuzatilayotgan holatlarga qaratib, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlarga koʻmakchi boʻlishingizni soʻrab qolaman.
Zero, huquqbuzarliklarni oldini olishga koʻmaklashish yurt taqdiriga befarq boʻlmagan har bir fuqaroning burchidir.
Halqimiz tinchligi va xavfsizligini taʼminlash, har bir mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha belgilab berilgan vazifalarni bajarishda barcha kuch va vositalarni toʻliq safarbar etamiz.
